Skip to main content

SamDAQU xalqaro ilmiy muloqot markaziga aylandi

Joriy yilning 2–3-fevral kunlari Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida O‘zbekiston va Italiya mutaxassislari ishtirokida xalqaro ilmiy-amaliy seminarlar bo‘lib o‘tmoqda.

Seminarning birinchi kuni “Yangi urbanizatsiya konsepsiyasi: urbanizatsiya, san’at va madaniyat, muhandislik va arxitektura, ekobarqarorlik. Italiya va O‘zbekiston tajribasi” mavzusiga bag‘ishlandi.

Tadbirda Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Husan To‘xtayev, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Toir Alimatov, Jahon bankining shaharsozlik bo‘yicha katta mutaxassisi Mohamed Nada, universitet rektori Dr. Chidem Turkyilmaz, shuningdek, O‘zbekiston va Italiya oliy ta’lim muassasalari, xalqaro tashkilotlar, muhandislik kompaniyalari vakillari, xalqaro ekspertlar, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.

Seminar doirasida yangi urbanizatsiya yondashuvlari, san’at va madaniyatning shahar rivojidagi o‘rni, ekologik barqaror arxitektura masalalari muhokama qilindi. Davra suhbatlari, ochiq muloqotlar va talabalar bilan interaktiv uchrashuvlar tashkil etildi.

Shuningdek, xalqaro va mahalliy hamkorlikni kengaytirish maqsadida bir qator nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan anglashuv memorandumlari imzolandi. Xususan, Gabriele d’Annunzio University of Chieti-Pescara (Italiya), Hanseo University (Janubiy Koreya) hamda Qoraqalpoq Davlat Universiteti bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi.

Imzolangan kelishuvlar doirasida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish, shuningdek, xalqaro seminar va konferensiyalarni tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu hamkorliklar ta’lim sifati va ilmiy salohiyatni oshirishga xizmat qiladi.